Vazirlik va idoralar, yurtimizda faoliyat olib borayotgan xalqaro tashkilotlar, NNTlari va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ishtirokida “O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning ustuvor vazifalarini amalga oshirishda nodavlat tashkilotlarining rolini oshirish” mavzuida fuqarolik forumi bo'lib o'tdi.
Tadbir “Taraqqiyot strategiyasi” markazi, O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, O'zNNTMA hamda Konrad Adenauer nomidagi jamg'armaning O'zbekistondagi vakolatxonasi tomonidan tashkil etildi.
Fuqarolik forumi O'zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga taqdim etgan Murojaatnomasida belgilangan asosiy vazifalardan kelib chiqib hamda 2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasini “Faol tadbirkorlik, innovatsion g'oyalar va texnologiyalar yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi doirasida o'tkazildi.
Tadbir fuqarolik jamiyati rivojiga to'siq bo'layotgan eng dolzarb muammolarni muhokama qilish, ularni xal etish yuzasidan o'zaro hamkorlikda takliflar tayyorlash, inson huquq va erkinliklarini himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarda nodavlat notijorat tashkilotlarining o'rni va rolini yanada oshirishga qaratilgan yangi tashabbuslarni ishlab chiqish maqsadida tashkil etildi.
Fuqarolik forumi ikki sessiyadan iborat bo'lib, birinchi qismda O'zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga taqdim etgan Murojaatnomasida belgilangan asosiy g'oya va fikrlarga bag'ishlandi. Shuningdek, ishtirokchilarga Harakatlar strategiyasi doirasida 2017 yilda amalga oshirilgan ishlar sarhisobi hamda 2018 yilda inson huquq va erkinliklarini ta'minlash sohasida kutilayotgan islohotlar va o'zgarishlar haqida axborot taqdim etildi.
Ikkinchi qism “O'zbekistonda fuqarolik jamiyati rivoji: muammolar va ularni hal etish yo'llari” mavzusiga bag'ishlanib, unda Harakatlar strategiyasida nazarda tutilgan tadbirlarni hayotga tadbiq etishda NNTlari, fuqarolik jamiyati institutlari va faollari ishtirokini oshirish masalalari muhokama qilindi. Jumladan, NNTlari va fuqarolik jamiyati institutlarining faoliyati samaradorligini oshirish uchun kerakli sharoitlarni yaratish bo'yicha dolzarb masalalar muhokama qilindi.
FUQAROLIK FORUMINING ASOSIY VAZIFALARI:
- O'zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga taqdim etgan Murojaatnomasida belgilangan asosiy g'oya va fikrlarni keng jamoatchilik, xususan xalqaro tashkilot vakillariga etkazish;
- BMTning Inson huquqlari bo'yicha Oliy komissari boshqarmasi bilan o'zaro hamkorlik doirasidagi Harakatlar rejasini amalga oshirishni muhokama qilish;
- 2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirishga manfaatdor tomonlar (NNT, xalqaro tashkilotlar va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari)ni faol jalb qilish;
- inson huquqlari va erkinligini ta'minlash sohasidagi mavjud muammolarni muhokama qilish; - mahalliy NNTlari bilan davlat idoralari o'rtasidagi o'zaro hamkorlikni rivojlantirish;
- fuqarolik jamiyati sohasini tartibga soluvchi qonun hujjatlarini yanada takomillashtirish bo'yicha takliflarni ishlab chiqish va rivojlantirish.
Tadbir yakunlariga ko'ra, muhokama davomida bildirilgan takliflardan kelib chiqib, O'zbekistonda inson huquqlarini ta'minlash va fuqarolik jamiyatining rivoji uchun qulay sharoitlar yaratishga qaratilgan qisqa muddatli chora-tadbirlar rejasi loyihasini ishlab chiqish rejalashtirilgan. Bugungi tadbir “Taraqqiyot strategiyasi” markazi tomonidan 2017 yilning may oyida Toshkent shahrida bo'lib o'tgan “Inson huquqlari va o'zaro hamkorlik” mavzusidagi Birinchi fuqarolik forumining mantiqiy davomi hisoblanadi. Unda 60dan ziyod NNT va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillari ishtirok etib, bu kabi muhokamalarni doimiy tarzda o'tkazib borishga kelishib olingan edi.