Shu kunlarda pullik yo‘llar qurilishi bo‘yicha xabarlar tarqaldi. Infratuzilmani rivojlantirishda pullik yo‘llar tizimi muhim ahamiyatga ega, biroq bu jarayonda fuqaroning manfaati, ayniqsa, muqobil (bepul) yo‘llarning holati va narx shakllanishidagi adolat mezoni qanday ta’minlanadi? Mazkur masalada “Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida”gi Qonun loyihasiga bir qator takliflar ishlab chiqildi. Maqsad pullik yo‘llarning biznes manfaatigagina emas, balki ijtimoiy adolatga ham xizmat qilishiga erishish.
“Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni loyihasining 9-moddasida (Foydalanishdagi teng va qulay imkoniyatlar prinsipi) pullik avtomobil yo‘llarini tashkil etishda muqobil bepul yo‘lning mavjudligi talab etilishi belgilanmoqda. Biroq, ushbu muqobil yo‘lning texnik holati, toifasi va xavfsizlik darajasi bo‘yicha aniq talablar belgilanmagan. Agar muqobil yo‘lning sifati pullik yo‘lga nisbatan sezilarli darajada past bo‘lsa (masalan, toifasi past yoki nosoz), bu fuqarolarni bilvosita pullik yo‘ldan foydalanishga majbur qiladi va ijtimoiy tenglik prinsipining buzilishiga olib keladi.
Shuningdek, to‘lov stavkalarini belgilashda jamoatchilik nazoratining yetishmasligi narxlarning asossiz oshishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Biz quyidagilarni taklif etamiz:
1. 9-moddaga qo‘shimcha kiritish: Pullik avtomobil yo‘llarini tashkil etishda taqdim etilayotgan muqobil bepul yo‘lning texnik toifasi va harakat xavfsizligi darajasi pullik yo‘lga mutanosib bo‘lishi hamda doimiy ravishda muvofiq holatda saqlanishi shartini qat’iy belgilash . Bu fuqarolarning sifatli va xavfsiz harakatlanish huquqini kafolatlaydi.
2. 21-moddaga ijtimoiy nazorat mexanizmini kiritish: Vazirlar Mahkamasi tomonidan pullik yo‘llar uchun to‘lov stavkalarini hisoblash uslubiyotini ishlab chiqish jarayonida nodavlat notijorat tashkilotlari (NNT) va fuqarolik jamiyati institutlarining ishtirokini huquqiy jihatdan mustahkamlash. Bu narxlarning ijtimoiy-iqtisodiy adolat tamoyillari asosida shakllanishini va shaffofligini ta’minlaydi.
Ushbu o‘zgartirishlar davlat va fuqaro o‘rtasidagi manfaatlar muvozanatini saqlashga, pullik yo‘llar sohasida monopolistik yondashuvlarning oldini olishga hamda ijtimoiy himoyani kuchaytirishga xizmat qiladi.
Baxtiyor Nasrullayev,
O‘zbekiston Tadbirkorlar va fermerlarni qo‘lab-quvvatlash markazi
Toshkent shahar filiali raisi.