O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi, O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi hamda Germaniyaning Konrad Adenauer Fondi (KAS) Markaziy Osiyodagi vakili Janob Andre Algermissen o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda asosiy e’tibor fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash, nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini rivojlantirish, ikki tomonlama hamkorlik yo‘nalishlarini belgilab olish hamda Germaniya tajribasini hisobga olgan holda NNTlarni xalqaro jarayonlarga samarali integratsiya qilish masalalariga qaratildi.
Unda O‘zNNTMA faoliyati, uning a’zolari va hududiy bo‘linmalari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar, NNTlar uchun yaratilgan huquqiy, institutsional va moliyaviy sharoitlar, davlat va fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasidagi ijtimoiy sheriklik mexanizmlari haqida ma’lumot berildi.
O‘z navbatida janob Andre Algermissen uchrashuvda KAS faoliyati, uning maqsad va vazifalari haqida ham ma’lumot berdi. Ta’kidlanishicha, fond Germaniyada inson huquqlari, demokratiya va huquqiy davlat tamoyillarini qo‘llab-quvvatlash, faol fuqarolik jamiyatini rivojlantirish maqsadida faoliyat yuritadi. Bugungi kunda KAS dunyoning 70 dan ziyod mamlakatlarida vakolatxonalarga ega va 120 davlatda loyihalarni amalga oshirmoqda.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro anglashuv memorandumini imzolash orqali qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, 15 sentyabr – Xalqaro demokratiya kuni munosabati bilan hamkorlikda tadbir tashkil etish, Germaniyadagi NNTlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishib oldilar.
Tadbir yakunida O‘zNNTMA raisi K.Ishanxodjaev Janob Andre Algermissenni Konrad Adenauer Fondining 30 yillik yubileyi bilan tabrikladi hamda ushbu muloqot kelgusidagi samarali hamkorlikka poydevor bo‘lishini ta’kidladi.