O‘zNNTMA Kengashi raisi Andijonga safar uyushtirdi

2021-yilning 24-may kuni O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi kengashi raisi Kamoliddin Ishanxodjayev Andijonga tashrif buyurib, «Tadbirkor ayol» assotsiatsiyasining Andijon viloyat bo‘limi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Ushbu NNT viloyatdagi faol jamoat tashkilotlaridan biri hisoblanadi. Xususan, «SABR» Respublika ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish markazi bilan hamkorlikda Yevropa Ittifoqining moliyaviy ko‘magi asosida «COVID-19»ning O‘zbekistonning qishloq joylaridagi himoyaga muhtoj ayollar va yoshlarga ta’sirini yumshatish hamda ularning ijtimoiy-iqtisodiy holatini yaxshilash uchun NNTlarning institutsional va tashkiliy salohiyatini mustahkamlash» loyihasini 2021-yilning 1-martidan e’tiboran Andijon viloyatining Izboskan, Bo‘ston tumanlarida amalga oshirishni boshladi.

Loyihadan ko‘zlangan maqsad – kam ta’minlangan qishloq aholisi, COVID-19 pandemiyasidan zarar ko‘rgan ayollar va yoshlar hayotining yaxshilanishiga yordam berish, uning ehtiyojlarini qondirishdan iborat.

Loyihaga asosan, Izboskan tumanida qishloq axborot-resurs markazini ochish, ayollar va yoshlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash (shifokor, psixolog, huquqshunoslar tomonidan ijtimoiy maslahatlar berish), kam ta’minlangan 720 nafar ayollar va yoshlarni kasbiy ko‘nikmalarga o‘qitish, tanlov asosida 180 nafar kam ta’minlangan oilalar, ayollar va yoshlariga biznesini qo‘llab-quvvatlashga yordam berish uchun 1 mln. so‘mdan 5 mln. so‘mgacha grantlar ajratish, fuqarolik jamiyati institutlari (mahalla, NNTlar) va davlat tashkilotlari hamkorligida aholi o‘rtasida koronavirusning ta’sirini kamaytirish va ularni faol hayotga safarbar qilishga qaratilgan maqsadli treninglar o‘tkazish rejalashtirilgan.