Namangan shahrida O‘zNNTMA Namangan viloyati hududiy bo‘limining tashabbusi bilan «Jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishda NNTlarning ishtiroki» mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Unda viloyatdagi NNTlar, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillari hamda mahalliy OAV vakillari ishtirok etishdi.
Davra suhbatida so‘zga chiqqanlar tomonidan yurtimizda sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, aholining, ayniqsa yosh avlodning jismoniy tarbiya va ommaviy sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun zamon talablariga mos shart-sharoitlar yaratish, sport orqali yoshlarda mardlik va vatanparvarlik, ona Vatanga sadoqat tuyg‘ularini kamol toptirish, jismoniy tarbiya va ommaviy sportni yanada rivojlantirishga yo‘naltirilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganiga alohida urg‘u berildi.
Shu bilan birga, davra suhbatida mamlakatimizning barcha hududlarida ommaviy sportning inson va oila hayotidagi muhim ahamiyati, uning jismoniy va ma’naviy sog‘lomlikning asosi ekanini targ‘ib-tashviq qilish, hayotga katta umid bilan kirib kelayotgan yoshlarga o‘z qobiliyat va iste’dodlarini ro‘yobga chiqarishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish kabi muhim va dolzarb vazifalar muhokama qilindi.
Tadbirda viloyatdagi sport sohasida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan nodavlat notijorat tashkilotlari mavzu yuzasidan bir qator takliflarini bildirib o‘tdilar.