Joriy yilning 21-iyul kuni Davlatimiz rahbari tomonidan amalga oshirilgan Jizzax viloyatiga tashrif doirasida hududiy sanoat va innovatsion salohiyatni oshirishga, aholini ish bilan ta'minlash va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishni rivojlantirishga qaratilgan bir qator muhim loyihalarning taqdimoti va amalga oshirilish jarayonlari bilan yaqindan tanishildi.
Xususan, “Zomin texnoparki” hududida umumiy qiymati 250 million AQSH dollariga teng bo‘lgan 14 ta yirik loyihaning amalga oshirilishi rejalashtirilgani, ularning 9 tasi allaqachon boshlab yuborilgani, qolganlari esa yakuniy bosqichda turgani quvonarli holdir. Ushbu loyihalar doirasida zamonaviy texnologiyalarga asoslangan yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlar, jumladan, tibbiy-texnika vositalari, noutbuk va planshetlar, sport anjomlari va qurilish materiallari ishlab chiqarilishi ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, 150 million AQSH dollariga teng qiymatdagi, “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasi filiali maqomidagi maishiy texnika zavodi qurilishi orqali yiliga 1 million dona mahsulot ishlab chiqarilishi va ulardan 70 foizigacha mahalliylashtirilishi – mamlakatimiz sanoatining yangi bosqichga ko‘tarilayotganidan dalolat beradi.
Shu munosabat bilan, biz – nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari davlatimiz tomonidan olib borilayotgan izchil iqtisodiy islohotlarni to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz va bu jarayonda faol ishtirok etishimiz lozimligini alohida ta’kidlaymiz. Bugungi kunda nafaqat ishlab chiqarish, balki fuqarolarning ijtimoiy faolligini oshirish, kasb-hunar o‘rgatish, ayollar va yoshlar bandligini ta'minlash, ekologik barqarorlik kabi sohalarda ham nodavlat notijorat sektorining o‘rni va mas’uliyati ortib bormoqda.
Ayniqsa, Prezidentimiz tomonidan “milliy brend ostida mahsulotlar ishlab chiqarish va eksport qilish” masalasi alohida ko‘tarilgani – biz, fuqarolik jamiyati institutlari uchun ham o‘z yo‘nalishlarimizda milliy qadriyatlar va innovatsiyalar uyg‘unligida ishlash, jamiyatni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash uchun yangi zamin yaratadi.
Biz, nodavlat notijorat tashkilotlari, yurtimizdagi iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanish jarayonlarida faol ishtirok etishga, aholiga yangi imkoniyatlar yaratish yo‘lida davlat idoralari va xususiy sektor bilan hamkorlikda ishlashga doim tayyormiz. Islohotlarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi har bir fuqaromizning hayot sifati oshishiga xizmat qiladi.
Fuqarolik jamiyatining harakati – Yangi O‘zbekiston taraqqiyotiga xizmat qiladi!
M. Xolboyev,
O’zNNTMA Jizzax viloyati hududiy bo’linmasi xodimi.