2025-yil 1-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev Xorazm viloyatiga amaliy tashrifi viloyat taraqqiyotida yangi bosqichni boshlab berdi. Tashrif doirasida viloyatdagi iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik sohalardagi rivojlanish istiqbollari muhokama qilindi hamda yangi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha muhim qarorlar qabul qilindi.

Investitsiya va sanoat salohiyati bo‘yicha yo‘nalishlarni alohida ta’kidlab o‘tish joiz. Prezidentning tashrifi davomida Xorazm viloyatiga 2025-yilda 1,5 milliard dollarlik investitsiyalarni jalb etish rejasi e’lon qilindi. Bu mablag‘lar asosan sanoat, agrosanoat va xizmat ko‘rsatish sohalariga yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan. Masalan, Qo‘shko‘pir tumanida 175 gektar yer maydonida sanoat zonasi tashkil etilib, elektrotexnika, kimyo, mashinasozlik va farmasevtika yo‘nalishlarida 2 mingta ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan.

Ijtimoiy infratuzilma va ta’lim sohasidagi islohotlar ham yangi bosqichga ko‘tarilishiga ishonamiz. Ijtimoiy sohada ham muhim o‘zgarishlar kutilmoqda. Viloyatda 44 ta maktab va bog‘chani ta’mirlash, davlat-xususiy sheriklik asosida yangilarini qurish rejalashtirilgan. Shuningdek, Urganch, Bog‘ot, Shovot va Yangibozor tumanlarida ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlari tashkil etish mo‘ljallangan .

Madaniy sohada Ichan qal’a yodgorligi va Xorazmning boy merosini asrab-avaylash, turizm salohiyatini oshirishga alohida e’tibor qaratildi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev 2025-yilni “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili” deb e’lon qilishni taklif etgan edi. Bu tashabbus doirasida Xorazm viloyatida suv resurslarini tejash, yashil texnologiyalarni joriy etish va aholining ekologik ongini oshirishga qaratilgan dasturlar amalga oshiriladi.

Xulosa o‘rnida aytish lozimki, Prezidentning Xorazmga tashrifi yangi imkoniyatlar eshigini ochib, viloyatning iqtisodiy va ijtimoiy salohiyatini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va aholining turmush darajasini yaxshilashga qaratilgan muhim qadam bo‘ldi. Bu tashrif Xorazmning barqaror rivojlanishiga xizmat qilishi shubhasiz.

 

                                                                          Salomat ERJANOVA,

Fuqarolik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash markazi

Xorazm viloyat bo‘limi rahbari