O‘zNNTMA va Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazining Toshkent shahar hududiy bo‘linmalari hamkorligida “Davlat boshqaruv tizimini modernizatsiyalash jarayonida fuqarolik jamiyati institutlarining institutsional-huquqiy mexanizmlarini takomillashtirish: nazariya va amaliyot” mavzusida seminar tashkil etildi.

Seminardan ko‘zlangan maqsad – davlat boshqaruvi islohotlarida fuqarolik jamiyati institutlari ishtirokini kuchaytirish, ularning institutsional va huquqiy asoslarini tahlil qilish, bu borada fikr-mulohazalar almashish hamda taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat bo‘ldi.

Tadbirda qayd etilishicha, O‘zbekistonda NNTlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan 200 dan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingan. Shuningdek, yangi tahrirdagi Konstitutsiya, “O‘zbekiston 2030” strategiyasi va boshqa hujjatlar asosida fuqarolik jamiyati institutlarining ijtimoiy sheriklikdagi ishtiroki kuchaytirilmoqda.

2025-yil 8-iyuldagi VM qaroriga muvofiq, davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasida inson huquqlari, korrupsiyaga qarshi kurash, ta’lim, sog‘liqni saqlash, ekologiya va boshqa sohalarda ijtimoiy sheriklikni kengaytirish belgilanmoqda.

Seminarda sohaga oid ekspertlar tomonidan mavjud muammolar va ularni hal qilish mexanizmlari muhokama qilindi. Tadbir yakunida O‘zNNTMAga yangi a’zo bo‘lgan NNT rahbarlariga a’zolik guvohnomalari topshirildi.