2025-yil davomida O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasining Samarqand viloyati hududiy bo‘linmasi tomonidan fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, ijtimoiy sheriklikni rivojlantirish hamda xalqaro hamkorlikni kengaytirish yo‘nalishlarida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.

Bugungi kunda viloyatda 800 dan ortiq nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyat yuritmoqda. Ularning aksariyati ijtimoiy himoya, aholining ijtimoiy muammolarini hal qilishga qaratilagan loyihalar, xotin-qizlar va yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, nogironligi bo‘lgan shaxslar manfaatlarini ta’minlash, sport, ta’lim, ekologiya, ma’naviyat va ma’rifat sohalarida samarali ish olib bormoqda. NNTlar o‘z atrofida 2,5 milliondan ortiq fuqarolarni a’zo sifatida jamlangani ham fuqarolik jamiyatining bugungi kunda jamiyat hayotidagi o‘rni tobora ortib borayotganidan dalolat beradi.

Hisobot davrida hududiy bo‘linma tashabbusi 200 ga yaqin seminarlar, davra suhbatlari, uchrashuvlar, jamoatchilik eshituvlari va monitoringlardan iborat yuzlab tadbirlar tashkil etildi. Ayniqsa, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi ijrosi, “yashil iqtisodiyot”, atrof-muhitni muhofaza qilish, korrupsiyaga qarshi kurashish, gender tengligi va inklyuziv ta’lim masalalariga bag‘ishlangan tadbirlar jamoatchilikning keng qatlamini qamrab oldi.

Shuningdek, jamoatchilik monitoringlari orqali ta’lim, sog‘liqni saqlash, ichimlik suvi, infratuzilma hamda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun to‘siqsiz muhit yaratish masalalari o‘rganilib, aniqlangan muammolar bo‘yicha tegishli idoralarga takliflar kiritildi.

Xalqaro hamkorlik yo‘nalishida viloyatdagi NNTlari tomonidan Jahon banki, BMT Taraqqiyot dasturi, UNFPA, AFEW International hamda Buyuk Britaniya elchixonasi bilan hamkorlikda qator loyihalar amalga oshirildi. Bu loyihalar doirasida ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi va nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ta’lim, kasbga yo‘naltirish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan amaliy ishlar bajarildi.

Fuqarolik jamiyati institutlarining huquqiy salohiyatini oshirish maqsadida NNT rahbarlari va xodimlari uchun hisobot topshirish, grant va subsidiyalarda ishtirok etish, elektron platformalardan foydalanish bo‘yicha o‘quv seminarlari, sohada uchrayotgan muammolarga birga yechim topish maqsadida 10 ga yakin ochiq eshiklar kunlari, fuqarolik jamiyati haftaliklari o‘tkazildi. Bu esa NNTlar faoliyatining shaffofligi va faoliyat samaradorligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.

Ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik ham izchil yo‘lga qo‘yilib, yil davomida yuzlab yangilik, tahliliy material va teleradioko‘rsatuvlar orqali Samarqand viloyatidagi fuqarolik jamiyati hayoti, amalga oshirilgan ishlari keng yoritildi.

Xulosa qilib aytkanda, Samarqand viloyatida fuqarolik jamiyati institutlari davlat va jamiyat o‘rtasidagi mustahkam ko‘prikka aylanib, aholi muammolarini hal etish, islohotlarni qo‘llab-quvvatlash va jamoatchilik nazoratini ta’minlashda muhim o‘rin tutayotir.

Sh. Kenjayev,
O‘zNNTMA Samarqand viloyat hududiy bo‘linmasi boshlig‘i