Toshkent ko‘chalarida pullik avtoturargohlar tizimi joriy etilishi yaxshi tashabbus, biroq ijrodagi kamchiliklar poytaxt transport tizimini "falaj" qilishi mumkin.
Muammo nimada?
Bugungi kunda Toshkent shahrining ayrim ko‘chalarida pullik avtoturargohlar tashkil etishda yo‘lning o‘tkazuvchanlik qobiliyati va transport oqimi yetarli darajada inobatga olinmagan. Xususan, tor va harakat ko‘p bo‘lgan ko‘chalarda (masalan, Chilonzor tumani, Arnasoy ko‘chasi) birinchi yo‘lakning to‘xtash joyi sifatida band qilinishi harakatlanish chiziqlarining amalda bittaga tushib qolishiga sabab bo‘lmoqda.
Bu holat haydovchilarning uzluksiz chiziqni bosib qarama-qarshi yo‘nalishga chiqishiga, chorrahalarda (Muqimiy va Arnasoy ko‘chalari kesishmasi kabi) sun’iy tirbandliklar yuzaga kelishiga hamda piyodalar xavfsizligiga jiddiy tahdid solmoqda.
Biz quyidagilarni taklif etamiz:
1. Qayta xatlovdan o‘tkazish: Toshkent shahridagi pullik avtoturargoh tashkil etilgan barcha manzillarni yo‘l harakati xavfsizligi standartlari asosida qayta o‘rganib chiqish.
2. Me’yoriy cheklovlar o‘rnatish: Qatnov qismi kengligi belgilangan metrik me’yorlardan kam bo‘lgan hamda transport oqimi yuqori bo‘lgan tor ko‘chalarda pullik to‘xtash joylarini tashkil etishni taqiqlash.
3. To‘xtash joylarini bekor qilish: Yo‘l-transport hodisalari (YTH) xavfini tug‘diruvchi va asosiy yo‘nalishdagi harakatga xalaqit beruvchi manzillarda (xususan, Arnasoy ko‘chasida) tashkil etilgan pullik to‘xtash joylarini bekor qilish.
4. Chorrahalar xavfsizligini ta’minlash: Burilish nuqtalarida transport vositalarining erkin manevr qilishini ta’minlash maqsadida, chorrahga kirish va chiqish qismlaridan kamida 50 metr masofada to‘xtab turishni cheklash.
Ushbu taklifning amalga oshirilishi poytaxt ko‘chalarida sun’iy tirbandliklarni kamaytirish, yo‘l-transport hodisalarining oldini olish va yo‘l harakati ishtirokchilari xavfsizligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Ulug‘bek Abdurahmonov,
O‘zbekiston hakamlik sudlari Assotsiatsiyasi Toshkent shahar filiali boshlig‘i