Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga taqdim etgan Murojaatnomasi nafaqat o‘tgan yil sarhisobi, balki yurtimiz taraqqiyotining yangi, hal qiluvchi bosqichi uchun strategik yo‘l xaritasi bo‘ldi.
Ushbu tarixiy nutqni tinglar ekanmiz, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 2026 yilni yurtimizda “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb e’lon qilish taklifi biz - fuqarolik jamiyati vakillarini alohida quvontirdi. Zero, mahalla - ijtimoiy birdamlik manbai va islohotlar natijasini har bir inson o‘z hayotida his qiladigan eng asosiy bo‘g‘indir.
Murojaatnomada biz -nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari uchun bir qator muhim va mas’uliyatli yo‘nalishlar belgilab berildi:
Birinchidan, Prezidentimiz islohotlar samaradorligini ta’minlashda fuqarolik jamiyati institutlarining roli muhim ekanini alohida ta’kidlab, sohani rivojlantirish bo‘yicha besh yillik strategiya ishlab chiqilishini ma’lum qildilar. Bu biz uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.
Ikkinchidan, 2026-yilda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha “favqulodda holat” e’lon qilinishi jamiyatimizda adolat va qonun ustuvorligini mustahkamlashda jamoatchilik nazoratining ahamiyatini keskin oshiradi.
Uchinchidan, o‘tgan vaqt ichida ijtimoiy himoya tizimining mahalladagi “ettilik”ka berilishi natijasida 8,5 milliondan ziyod odamning kambag‘allikdan chiqqani bu yo‘nalishdagi islohotlar naqadar to‘g‘ri ekanini isbotladi. Endilikda mahalla infratuzilmasini yaxshilash uchun kompleks yondashuv joriy etilishi viloyatimizdagi har bir mahallaning qiyofasini o‘zgartiradi.
To‘rtinchidan, ekologiya sohasiga 1 trillion 900 milliard so‘m yo‘naltirilishi va “yashil” energetikaga o‘tish bo‘yicha belgilangan vazifalar Andijon viloyati kabi aholi zich yashaydigan hududlar uchun hayotiy muhim ahamiyatga ega.
Biz, nodavlat notijorat tashkilotlarining vakili sifatida, Murojaatnomada belgilangan ulug‘vor maqsadlarni amalga oshirishda bor kuch va salohiyatimizni safarbar etamiz. Prezidentimiz ta’kidlaganlaridek, “Bir bo‘lsak, yagona xalq, yagona millat bo‘lib harakat qilsak, ko‘zlagan ulkan maqsadlarimizga albatta yetamiz!”.
Sh.Valiyev, O‘zNNTMA Andijon viloyat hududiy bo‘linmasi boshlig‘i