O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasining (O‘zNNTMA) Namangan viloyati hududiy bo‘linmasi tomonidan, Farg‘ona viloyatidagi “Mexrjon” ayollar va bolalar markazi bilan hamkorlikda, Yevropa Ittifoqi va Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro sheriklik (International Partnerships for Human Rights – IPHR) tomonidan moliyalashtirilgan “Transport xizmatini tashkil etishda nogironlarga to‘siqsiz muhit yaratish” nomli grant loyihasi amalga oshirilmoqda.
Mazkur loyiha doirasida asosiy e’tibor Namangan shahridagi avtobekatlar va jamoat transportida nogironligi bo‘lgan fuqarolar uchun qulay va to‘siqsiz muhit yaratishga qaratilgan. Shuningdek, aholiga jamoat transporti xizmatlari ko‘rsatilishining sifati o‘rganilib, jamoatchilik nazorati asosida ochiq eshituv tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Hozirgacha loyiha doirasida tuzilgan ishchi guruh tomonidan Namangan shahridagi 50 ta avtobekat bo‘yicha keng qamrovli monitoring ishlari olib borildi. Monitoring jarayonida quyidagi yo‘nalishlar o‘rganildi:
-
nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun to‘siqsiz muhitning mavjudligi;
-
jamoat transportida imkoniyati cheklangan shaxslar uchun yaratilgan qulayliklar;
-
bekatlar va transport vositalarining sanitariya holati;
-
bekatlarda kutish o‘rindiqlari, panduslar va axborot tablolari holati;
-
harakat yo‘nalishlari bo‘yicha ma’lumotlar mavjudligi;
-
maxsus audio xabarnomalar mavjudligi;
-
yo‘lovchilarning transport xizmatlari sifati yuzasidan fikrlari.
Monitoring natijalari asosida 2025-yil 20-avgust kuni soat 10:00da Namangan viloyati adliya boshqarmasi majlislar zalida jamoatchilik eshituvini o‘tkazish rejalashtirilgan.
Mazkur eshituvda viloyat adliya boshqarmasi huzuridagi Jamoatchilik kengashi a’zolari, xalq deputatlari viloyat kengashi vakillari, viloyat transport boshqarmasi mutasaddilari, tegishli davlat tashkilotlari va nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari, jamoatchilik faollari hamda ommaviy axborot vositalari ishtiroki kutilmoqda.
Jamoatchilik eshituvida Namangan shahrida transport xizmatlarini tashkil etishda nogironligi bo‘lgan fuqarolar uchun to‘siqsiz muhitni yanada yaxshilashga qaratilgan tavsiyalar ishlab chiqilishi, shuningdek, mas’ul davlat organlari bilan hamkorlikda bu boradagi ishlarni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilinadi.