2025-yilda Jizzax viloyatida nodavlat notijorat tashkilotlari (NNT) faoliyati yanada kuchaytirildi. O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi viloyat bo‘linmasi viloyatdagi NNTlarni rivojlantirish, aholining manfaatlarini himoya qilish va dolzarb ijtimoiy muammolarni hal etishda faol ishtirokini ta’minlashga qaratilgan bir qator tadbirlarni amalga oshirdi.

Yil davomida NNTlarni qo‘llab-quvvatlash va davlat organlari bilan hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan 44 ta tadbir tashkil etildi, ularda 1000 dan ortiq maqsadli guruh vakillari ishtirok etdi. Shu bilan birga, 13 ta yangi NNT assotsiatsiyaga a’zo bo‘ldi va viloyatdagi a’zolar soni 142 taga yetdi, bu esa umumiy NNTlarning 30 foizini tashkil qiladi.

NNTlarni huquqiy va tashkiliy qo‘llab-quvvatlash ishlari ham faol davom etdi. Yil davomida 47 ta murojaat bo‘yicha huquqiy maslahatlar berildi, shuningdek, 34 ta konsultativ va 11 ta tashkiliy-texnik yordam ko‘rsatildi. Shu bilan birga, 43 ta ijtimoiy ahamiyatga ega loyihani shakllantirish va 15 ta loyihani amalga oshirishga yordam berildi. “Madad” NNT bilan hamkorlikda o‘tkazilgan 10 marotaba “Ochiq eshiklar kuni” tadbirlarida 100 dan ortiq NNT vakillarining murojaatlari ko‘rib chiqildi.

Yil davomida faol NNTlar rag‘batlantirildi. Jumladan, 18 nafari tashakkurnoma, 11 nafari faxriy yorliq bilan taqdirlandi, 10 nafari esa turli mukofotlarga tavsiya qilindi. “Fuqarolik jamiyati haftaligi” doirasida ikki nafar faol a’zo “Fuqarolik jamiyati institutini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

Shuningdek, Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi tanlovlari doirasida 50 dan ortiq ijtimoiy loyihalarni ishlab chiqishga yordam berildi. Natijada, 12 ta NNT jami 1 333 mln. so‘m grant oldi, shuningdek, Sharof Rashidov nomidagi xalqaro fondi 3 mlrd. so‘m miqdorida davlat ijtimoiy buyurtmasi olishida ko’maklashildi.

Bundan tashqari, o’ndan ortiq “Yashil makon”  va jamoatchilik nazorati tadbirlari amalga oshirilib viloyatda amalga oshirilayotgan islohotlar yanada jadallik bilan olib borilishiga oz bo’lsada NNTlar bilan hamkorlikda hissa qo’shildi.

2025-yil 26-sentyabr kuni xalq deputatlari Jizzax viloyati Kengashi sessiyasida O‘zNNTMA viloyat bo‘limi faoliyati yuzasidan hisobot eshitildi va hududlarda davlat va nodavlat tashkilotlar hamkorligini yanada kuchaytirish bo‘yicha vazifalar belgilandi. Shu bilan birga, assotsiatsiya faoliyati haqida jamoatchilikni xabardor qilish maqsadida yil davomida 21 marotaba televideniyeda, 15 marotaba bosma nashrlarda va ijtimoiy tarmoqlarda 100 dan ortiq chiqishlari amalga oshirildi.
 

Nazifa Kamalova

O‘zNNTMA Jizzax viloyat hududiy bo‘linmasi rahbari