O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi Kengashi raisi K.Ishanxodjayev hamda O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi boshqaruvi raisi S.Halilov Navoiy viloyatidagi NNT vakillari va "Trenerlar shtabi" a’zolari bilan muloqot o‘tkazishdi.
Mazkur uchrashuv Prezidentimizning 124-sonli Farmonining mazmun-mohiyatini keng tushuntirish, NNTlar faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ularning ijtimoiy hayotdagi rolini yanada kuchaytirish maqsadida tashkil etildi.
Uchrashuv chog‘ida ijtimoiy sheriklik mexanizmlarini rivojlantirish, davlat organlari bilan yaqin hamkorlikda ishlash, aholi ehtiyojlarini aniqlash hamda muammolarni joyida hal etishda NNTlarning ishtirokini kengaytirish zarurligi ta’kidlandi.
Tadbirda hududlarda dolzarb bo‘lib turgan ekologik muammolar, yoshlarni sog‘lom turmush tarziga jalb qilish, davlat ijtimoiy buyurtmalarining bajarilishi kabi amaliy yo‘nalishlardagi muammolar va takliflar ochiq muhokama qilindi.
Yig‘ilish yakunida 27-iyun – OAV va Matbuot xodimlari kuni munosabati bilan NNTlar faoliyatini yoritishga va ommalashtirishga qo‘shayotgan munosib hissasi uchun "Fidoiy yoshlar teleklubi" NNT rahbari G‘.Sultonov Assotsiatsiya va Fondning tashakkurnomasi hamda esdalik sovg‘asi bilan taqdirlandi.
Uchrashuvdan so‘ng Assotsiatsiya vakillari NNTlar tomonidan ko‘tarilgan masalalarni amalda o‘rganish maqsadida joylarga chiqdi. Xususan, Karmana tumanidagi "Varq" mahallasida ichimlik suvi yo‘qligi va tumandagi "Sangburtepa" tarixiy yodgorlikni tiklash ehtiyoji yuzasidan joyida o‘rganish ishlari olib borildi.
O‘rganish natijalari tahlil qilinib, bu masalalarni Assotsiatsiya qoshidagi Fond ko‘magida moliyalashtirish yuzasidan kelishuvga erishildi.