2025-yil yanvar holatiga ko‘ra, Buxoro viloyatida 612 ta NNT faoliyat olib brogan bo’lsa, yil yakuniga kelib ularning soni 617 taga yetdi. Shundan 201 ta NNT O‘zNNTMA Buxoro viloyati hududiy bo’linmasining a’zosi hisoblanadi. Bu viloyatdagi mavjud NNTlarning 32,6 foizi qamrab olinganligini ko‘rsatadi.

O’tgan yil davomida viloyatdagi a’zo NNTlar bilan yaqindan hamkorlikda ish tashkil etildi. Ushbu hamkorlik seminar-treninglarga jalb etish, huquqiy va konsultativ yordam, tashkiliy-texnik ko‘mak, loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirishda ko‘mak berishda o'z aksini topdi.

O’z navbatida NNTlarni rag‘batlantirishga ham alohida e’tibor qaratildi. Jumladan, 50 ga yaqin NNTga tashakkurnoma topshirilib, 3 nafar NNT rahbari davlat mukofotiga tavsiya etildi. Bu nodavlat sektorda faollikni oshirish va ilg‘or tajribalarni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qildi. Shuningdek, yangi amaliyot — ko‘p yillardan beri samarali faoliyat yuritib kelayotgan NNTlarning o‘z tajribalarini boshqa NNTlar bilan bo‘lishish an’anasi yo‘lga qo‘yildi. Natijada grant loyihalarini ishlab chiqish, fandrayzing va seminarlar tashkil etish bo‘yicha faollik oshdi.

 “Madad” NNTning Buxoro mintaqaviy byurosi bilan hamkorlikda 10 marotaba o’tkazilgan “Ochiq eshiklar kuni” aksiya ham yaxshi natija berganligi qayd etish lozim. Ularda 44 ta NNT murojaati ko‘rib chiqildi va hal etishga yo’naltirildi. Bundan tashqari yil avvalida hisobot topshirish tartibiga bag‘ishlangan aksiya va seminarlar tashkil etilib, NNTlarga bevosita amaliy yordam ko‘rsatildi. Natijada NNTlar tomonidan davlat organlariga hisobotlarni o‘z vaqtida taqdim etish 100 foiz ta’minlandi.

2025-yilda xalqaro hamkorlikni rivojlantirish doirasida ham bir qator maslahatlashuvlar o‘tkazilib, xalqaro donor tashkilotlarining grant dasturlari talablari o‘rganildi. Xususan, BMT Taraqqiyot dasturi, Islom taraqqiyot banki va OPEK jamg‘armasi hamkorligida tashkil etilgan seminar-treningda NNT vakillarining mahallani rivojlantirish rejalarini ishlab chiqish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalari shakllantirildi.

Shuni alohida qayd etish lozimki, NNTlar salohiyatini oshirishga qaratilgan jami 62 ta tadbir tashkil etildi. Shundan 23 tasi seminar, 25 tasi davra suhbati va 15 tasi uchrashuvlardan iborat bo‘ldi. Viloyatda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasida malaka oshirgan NNT rahbarlari soni 45 taga yetib, ular Assotsiatsiya huzurida tashkil etilgan “Trenerlar shtabi” a’zolari sifatida NNT rahbar va vakillarining bilim va malakasini oshirishga hissa qo‘shmoqda.

Qolaversa, ijtimoiy sheriklik va jamoatchilik nazorati yo‘nalishida ham 12 ta davra suhbati, 14 ta uchrashuv va 4 ta jamoatchilik nazorati tadbiri amalga oshirildi. Bu NNTlarning davlat va jamiyat hayotidagi ishtirokini yanada kengaytirishga xizmat qildi.

O‘zNNTMA Buxoro viloyati hududiy bo’linmasi