Bugun O‘zbekiston Respublikasi Korruptsiyaga qarshi kurashish agentligida “Korruptsiyaga qarshi kurashishda nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash borasidagi navbatdagi hamkorlik istiqbollari” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Unda NNTlarning ushbu sohadagi ishtirokini yanada kuchaytirish, davlat idoralari bilan o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash, qonun ustuvorligini ta’minlashda jamoatchilikning roli va mas’uliyatini oshirish masalalari muhokama etildi.
Tadbir doirasida O‘zbekiston Respublikasi Korruptsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi o‘rtasida, shuningdek, Agentlik bilan Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi o‘rtasida hamkorlik memorandumlari imzolandi.
Tadbirda ishtirok etgan NNT vakillari o‘z taklif va tashabbuslarini ilgari surdi, amaldagi hamkorlikni yanada kengaytirish, korruptsiya xavfini kamaytirishda jamoatchilik nazoratini institutsionallashtirish, fuqarolarni faol fuqarolik pozitsiyasiga chorlash masalalariga atroflicha to‘xtalib o‘tildi.
Qayd etish lozimki, ushbu davra suhbati davlat va fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasidagi muloqotni yangi bosqichga olib chiqishga, korruptsiyaga qarshi kurashishda barchani birdek mas’ul etib safarbar etishga xizmat qiladi.