Samarqand shahridagi Kongress markazida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Italiya Respublikasi Bosh vaziri Jorja Meloni o‘rtasida rasmiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston barcha sohalarda izchil rivojlanib, xalqaro maydonda o‘zining mustahkam o‘rniga ega bo’lmoqda. Tashqi siyosatda mamlakatimiz milliy manfaatlarga asoslangan, muvozanatli, ochiq va pragmatik yo‘lni tanlagan.

Bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi uchrashuv ham O‘zbekiston va Italiya o‘rtasidagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, ikki tomonlama aloqalarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.

O‘zbekiston – Italiya munosabatlarida yangi ufqlar

So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Italiya o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik izchil rivojlanmoqda. Jumladan, yetakchi italyan kompaniyalari bilan qo‘shma korxonalar va yirik investitsiyaviy loyihalar soni ortib bormoqda.

Qolaversa, davlatlar o‘rtasidagi sheriklik turli sohalarda kengayib bormoqda. Misol uchun, Tushiya universiteti filialining ochilishi, shuningdek, Piza, Trento, Roma Tre va Ka-Foskari universitetlari bilan ikki tomonlama dasturlarning yo‘lga qo‘yilishi O‘zbekiston yoshlari uchun zamonaviy ta’limga keng imkoniyatlar yaratmoqda. Tarixiy meros va turistik salohiyatni birgalikda targ‘ib etish loyihalari amalga oshirilmoqda. Elektrotexnika, qishloq xo‘jaligi, qurilish, farmatsevtika, oziq-ovqat, charm, mebelsozlik va boshqa tarmoqlarda yuqori texnologiyali mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha hamkorlik kuchaymoqda. Yashil energiya va raqamli iqtisodiyot yo‘nalishlarida qo‘shma tashabbuslar yo‘lga qo‘yilmoqda.

Bunday amaliy loyihalar O‘zbekistonning global iqtisodiy maydondagi mavqeini mustahkamlash bilan birga, mamlakatimizda yangi ish o‘rinlari yaratilishiga va iqtisodiy barqarorlikka xizmat qiladi.

Tashrif doirasida mehnat migratsiyasi yo‘nalishida tizimli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan bitim ham imzolandi. Ushbu hujjat yurtimiz fuqarolarining Italiya hududida xavfsiz va qonuniy mehnat faoliyatini yuritishlari uchun yangi imkoniyat eshiklarini ochadi.

Sh. Kenjayev,
O‘zbekiston Samarqand viloyati hududiy bo‘linmasi boshlig‘i