2025-yil Xorazm viloyatida nodavlat notijorat tashkilotlari (NNT) uchun barqaror rivojlanish, huquqiy va institutsional qo‘llab-quvvatlash, shuningdek davlat va jamiyat o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash yili bo‘ldi. O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasining Xorazm viloyati hududiy bo‘linmasi tomonidan amalga oshirilgan chora-tadbirlar NNTlar salohiyatini oshirish va fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirishga qaratildi.
Yil boshida viloyatda adliya organlarida ro‘yxatdan o‘tgan NNTlar soni 606 tani tashkil etgan bo‘lsa, yil yakuniga kelib ushbu ko‘rsatkich 607 taga yetdi. O‘sish katta bo‘lmaganiga qaramay, hududda fuqarolik jamiyati institutlarining barqaror faoliyati saqlanib qoldi.
2025-yil davomida Assotsiatsiyaga 29 ta yangi NNT a’zolikka qabul qilinib, jami a’zolar soni 163 taga yetkazildi. Bu hududiy bo‘linmaning NNTlarni birlashtirish va institutsional qo‘llab-quvvatlashdagi samarali faoliyatini ko‘rsatadi.
Yil davomida NNTlarni qo‘llab-quvvatlash va davlat organlari bilan hamkorlikni kuchaytirish maqsadida jami 86 ta tadbir tashkil etildi. Ularda 1826 nafar NNT vakillari ishtirok etdi. Tadbirlar doirasida NNT rahbar va xodimlarining huquqiy bilimlari hamda loyiha boshqaruvi ko‘nikmalari mustahkamlandi.
Hududiy bo‘linma tomonidan NNTlarga huquqiy yordam ko‘rsatishga alohida e’tibor qaratildi. Xususan, 83 ta murojaat bo‘yicha huquqiy maslahat, 157 ta konsultativ, 72 ta tashkiliy-texnik, 49 ta loyiha shakllantirish va 5 ta loyihani amalga oshirishda amaliy ko‘mak berildi. Shuningdek, 10 ta maxsus huquqiy tadbir tashkil etildi.
Davlat grantlari va ijtimoiy buyurtmalar tanlovlarida NNTlarning ishtirokini ta’minlash maqsadida 57 dan ortiq loyiha ngo.gov.uz elektron platformasi orqali topshirilishida amaliy yordam ko‘rsatildi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Vrachlar assotsiatsiyasining Xorazm viloyati bo‘limiga ayollar o‘rtasida onkologik kasalliklarning oldini olish va erta aniqlashga qaratilgan ijtimoiy buyurtma loyihasini shakllantirishda ko‘mak berildi. Natijada viloyatda selektiv skrining markazi tashkil etilib, 30 ming nafar ayol tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilishi rejalashtirildi. Mazkur loyiha doirasida hududga 3 milliard so‘m mablag‘ jalb qilindi.
Shuningdek, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida ekologiya, nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlari va korrupsiyaga qarshi kurash yo‘nalishlarida jamoatchilik monitoringlari amalga oshirildi.
Shuningdek, NNTlarning axborot makonidagi faolligini oshirish maqsadida “NNTlarning mediasavodxonligini oshirish” mavzusida 3 ta o‘quv seminar va turli sport musobaqalari o‘tkazildi. Davlat boshqaruvi akademiyasi bilan hamkorlikda NNT rahbarlari uchun malaka oshirish kurslari tashkil etilib, 2025-yilda 14 nafar rahbar o‘qitildi.
Umuman olganda, 2025-yil Xorazm viloyatida NNTlarni tizimli qo‘llab-quvvatlash va fuqarolik jamiyatini mustahkamlash yo‘lida muhim bosqich bo‘ldi.
O‘zNNTMA Xorazm viloyati hududiy bo‘linmasi