Farg‘ona shahrida "Farg‘ona vodiysi: tinchlik va taraqqiyot yo‘lida sa’y-harakatlarni birlashtirish" mavzusida Farg‘ona tinchlik forumining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Tadbir SMTI tomonidan Qirg‘iziston va Tojikistonlik hamkorlar bilan birgalikda milliy va xalqaro tashkilotlar ko‘magida tashkil etildi.
Forum kun tartibidan muloqot va ishonchni mustahkamlash, Farg‘ona vodiysining barqarorligi va izchil taraqqiyotini ta’minlash, uning iqtisodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish, madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash, xususiy sektor, yoshlar va fuqarolik jamiyatining rolini kengaytirish masalalari o‘rin oldi.
Unda MDH, Osiyo, Yevropa va Amerika mamlakatlarining yetakchi "aql markazlari" ekspertlari, Markaziy Osiyo davlatlarining fuqarolik jamiyati, biznes hamjamiyati, akademik doiralari va yoshlar faollari ishtirok etdi.
Forumida “Tinchlik va transchegaraviy tashabbuslar haqida mulohazalar – Farg‘ona vodiysi hamjamiyatlarining ovozi” mavzusida maxsus sessiya o‘tkazildi.
Unda mahalliy nodavlat notijorat tashkilotlari Farg‘ona vodiysida tinchlik madaniyatini shakllantirish, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi muvaffaqiyatli hamkorlik tajribasi hamda loyihalar natijasida mahalliy hamjamiyatlarda yuz bergan ijobiy o‘zgarishlar muhokama qilindi.
Ushbu sessiyada O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi Kengashi raisi Kamoliddin Ishanxodjayev "Farg‘ona vodiysi: grant loyihalari va nodavlat tashkilotlarning mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishdagi o‘rni" mavzusidagi ma’ruza bilan ishtirok etdi.
U o‘z chiqishida Farg‘ona vodiysi yagona tarixiy va madaniy mintaqa ekanini, bu yerda xalqalar umumiy an’analar va manfaatlar bilan bog‘langanini, biroq suv, yer va chegaralarga oid umumiy muammolar mavjudligini ta’kidladi. Shu bilan birga, xalqaro grantlar asosida amalga oshirilayotgan NNT loyihalari aholi o‘rtasida ishonch, muloqot va hamkorlikni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdi. U suv resurslarini birgalikda boshqarish, turizmni rivojlantirish va yoshlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tashabbuslarni alohida ta’kidladi.
Yevropa ittifoqi, BMT va YuNESKO dasturlari doirasidagi muvaffaqiyatli loyihalar misolida “quyidan yuqoriga” yo‘naltirilgan tashabbuslar mintaqada tinchlik va barqaror rivojlanishni mustahkamlayotganini ta’kidlandi.
Ma’ruza yakunida u faol NNTlarni uzoq muddatli qo‘llab-quvvatlash, tajriba va resurslar almashuvini ta’minlaydigan yagona mintaqaviy hamkorlik tarmog‘ini yaratish zarurligini ta’kidladi.