Kuni kecha Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning BMTning 80-sessiyasida so‘zlagan nutqi – nafaqat O‘zbekiston tashqi siyosatining ochiq va prinsipial yo‘nalishini namoyon etdi, balki mamlakatimiz tomonidan ilgari surilayotgan xalqaro tashabbuslarning hayotiyligi va dolzarbligini yana bir bor jahon hamjamiyatiga ko‘rsatdi.

Bu nutq – geosiyosiy o‘zgarishlar, global tahdidlar va barqaror rivojlanish istiqbollari fonida O‘zbekistonning pozitsiyasi, mas’uliyatli yondashuvi va xalqaro sheriklikka tayyorligini yuksak diplomatik darajada namoyon etdi.

Prezident o‘z nutqida xalqaro munosabatlarda inson qadri, adolat va tenglik kabi universal qadriyatlarga tayanish zarurligini ta’kidladi. Bu, O‘zbekiston tashqi siyosatida inson manfaatlarini ustuvor qiymat sifatida ko‘rayotganini ko‘rsatadi.

Shuningdek, Prezident Markaziy Osiyodagi ekologik muammolar, xususan, Orol dengizi fojiasi haqida so‘z yuritib, xalqaro hamjamiyatni birgalikda harakat qilishga chaqirdi. Bu nutq global ekologik xavfsizlik sohasida O‘zbekistonning faol ishtirokini mustahkamladi.

Qolaversa, davlatimiz rahbari Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash masalasini tinchlikparvar pozitsiyadan turib bayon etdi. Bu masalada O‘zbekistonning ko‘p tomonlama muloqotlarga tayyor ekanini bildirishi, mamlakatimizning mintaqaviy yetakchi sifatidagi rolini yanada mustahkamlaydi.

Nutqda yoshlar masalasi alohida o‘rin oldi. Ta’lim, fan va axborot texnologiyalari sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan chaqiriqlar mamlakatning kelajak taraqqiyotiga doir aniq strategiyaga ega ekanini anglatadi.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, Prezident Shavkat Mirziyoyevning BMT minbaridan so‘zlagan nutqi O‘zbekistonning xalqaro maydondagi obro‘-e’tiborini yuksaltirib, mamlakatimizning ochiq, mas’uliyatli va tashabbuskor siyosatini yaqqol ifodalab berdi. Unda ilgari surilgan g‘oyalar nafaqat mintaqa, balki butun jahon hamjamiyati uchun dolzarb bo‘lib, global muammolarni hal etishda O‘zbekistonning faol va ishonchli hamkor sifatidagi rolini tasdiqladi.

Shoyim Kenjayev 

O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi

Samarqand viloyat hududiy bo‘linmasi boshlig‘i