O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi binosida 27-fevral – Butunjahon nodavlat notijorat tashkilotlari kuni munosabati bilan “Yangi O‘zbekistonda nodavlat notijorat tashkilotlar faoliyati: zamonaviy yondashuvlar” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar ushbu sananing tarixiga to‘xtalib o‘tdilar. 1950-yilda BMT tomonidan “Xalqaro nohukumat tashkiloti” tushunchasi kiritilgan bo‘lsa, 2014-yildan buyon 27-fevral butun dunyoda keng nishonlanib kelmoqda.
Bugungi kunda mamlakatimizda 10 mingga yaqin NNT faoliyat ko‘rsatayotgani, shundan 2,5 mingtasi bevosita Assotsiatsiya a’zosi ekani sohadagi o‘sish sur’atlaridan dalolat beradi.
Tadbir davomida bir qator NNT rahbarlari va mutaxassislar so‘zga chiqib, so‘nggi yillarda sohaga qaratilayotgan e’tibor, qonunchilikdagi yengilliklar va ijtimoiy sheriklik loyihalari samaradorligi bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar. Xususan, NNTlarning jamiyat hayotidagi ochiqligini ta’minlash va raqamli texnologiyalardan foydalanish masalalari qizg‘in muhokama qilindi.
Davra suhbatining yakuniy qismi tantanali taqdirlash marosimiga ulanib ketdi. Jumladan, yangi O‘zbekistonda nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini rivojlantirishga munosib hissa qo‘shgan, o‘zining ijtimoiy tashabbuslari bilan ajralib turgan bir guruh NNT vakillari maxsus mukofotlar bilan taqdirlandilar. Shuningdek, tadbir doirasida yangi a’zo bo‘lgan tashkilotlarga O‘zNNTMA a’zolik sertifikatlari tantanali ravishda topshirildi.