2025-yil 14-aprel kuni O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi (O‘zNNTMA), Oliy Majlis huzuridagi Jamoat fondi, O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi hamkorligida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida nodavlat notijorat tashkilotlari rahbarlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish kurslari tashkil etilishi munosabati bilan, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va yashil iqtisodiyot” yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi doirasida nodavlat notijorat tashkilotlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash” mavzuida tadbir tashkil etildi.

  Tadbirda asosiy e’tibor, davlat dasturida fuqarolik jamiyati institutlari, shu jumladan, nodavlat notijorat tashkilotlariga belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashda ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, uchinchi sektor malakasini oshirish masalalariga qaratildi.

Qayd etildiki, davlat dasturda ijtimoiy xizmatlarni ko‘rsatishda nodavlat sektor tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, aholining zamonaviy bilim, ko‘nikma va malakalarini oshirish, yoshlarni kasb-hunarga o‘qitish bo‘yicha qator vazifalar belgilangan.

Qolaversa, erkin va kuchli fuqarolik jamiyatini rivojlantirish borasidagi islohotlar natijadorligini sarhisob qilish va istiqbollarni belgilash, Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritilayotgan qonun loyihalarining sifatini yanada oshirish choralarini ko‘rish belgilangan.

Mazkur vazifa ijrosini ta’minlashda, inson qadri, uning farovonligi, erkinligi borasida ilgari surilayotgan tashabbuslarda NNTlarning hissasini oshirish, ularning xalqchilligini ta’minlash, davlat boshqaruvida o‘zining o‘rinli fikri va mulohazalari, ijtimoiy ahamiyatga molik loyiha va dasturlari bilan faol bo‘lishi, qolaversa davlat organlari bilan mustahkam hamkorlikni yo‘lga qo‘yishda  kuchli bilim va malaka talab etiladi.

Shuni inobatga olib, O‘zNNTMA tomonidan “2021-2025 yillarda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi”ga asosan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida nodalvat tashkilotlari rahbarlarini malakasini oshirishga qaratilgan maxsus o‘quvlar tashkil etib kelinmoqda. Shu kunga qadar 500 nafar NNT rahbarlarining bilim va ko‘nikmalari oshirildi. Joriy yilda ham uch bosqichda 250 nafar NNT rahbarlarini o‘qitish reja qilingan.

50 soatlik maxsus o‘quv reja asosida olib boriladigan darslarda   NNTlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, davlat idoralari bilan ijtimoiy sheriklikni rivojlantirish, ta’sirchan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish, qolaversa, moliyaviy barqarorlikka erishish, xorijiy tajriba hamda rahbar xodimning shaxsiy kompitentligini oshirish masalalariga e’tibor qaratiladi.

Shuningdek, amaliy uchrashuvlar, poytaxtimizda faoliyat yuritayotgan yirik nodavlat notijorat tashkilotlariga tashriflar va madaniy tadbirlar ham o‘quv dasturlaridan o‘rin olgan.

Tadbir davomida O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi  va Quyosh energetikasi xalqaro assotsiatsiyasi o‘rtasida hamkorlik memorandumini imzolandi.

O‘zNNTMA Axborot xizmati