O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi tomonidan Davlat boshqaruvi akademiyasida tashkil qilingan malaka oshirish kurslarini muvaffaqiyatli bitirgan “Trenerlar shtabi” a’zolari bilan hamkorlikda “Fuqarolik jamiyati institutlarini boshqarish mexanizmlari” mavsusida seminar-trening tashkil etildi.
Ta’kidlandiki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida ikki bosqichda tashkil etilgan malaka oshirish kursida ishtirok etish uchun o’tgan yilgi 32 nafar viloyatdagi NNTlar rahbarlari hujjat topshirishgan edi. Bu yilgi birinchi bosqich o’quvlari uchun 20 nafar NNTlar rahbarlari hujjat topshirib, ulardan 6 nafari o’quvlarda muvaffaqiyatli ishtirok etdi.
Seminarda mazkur o’quvlarda qatnashgan NNTlar rahbarlari viloyatdagi yosh NNTlar vakillariga o’z bilimlarini ulashishdi.
Xususan, NNTlarni moliyaviy holatini yaxshilash, grant loyihalarini yozish, kadrlar bilan ishlash hamda fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatining huquqiy asoslari to’g’risida ko’rgazmali chiqishlar qilishdi.
Savol-javoblar tarzida o’tgan seminarda NNTlar faoliyatida yuzaga kelayotgan muammoli masalalarga yechim topishda “Trenerlar shtabi” a’zolari o’z taklif va tavsiyalarini berishdi.
Tadbir so‘ngida “Trenerlar shtabi” a’zolari Angren, Bekabod shaharlari hamda Bo‘stonliq tumanida ushbu seminarni davom ettirishga kelishib oldilar.